Ozarbayjonda terror harakati sodir etishni rejalashtirgan kishi qo‘lga olindi, deb yozgan “AzerTAJ”.
Ma’lumotga ko‘ra, tergov davomida maxsus xizmat RF Murmansk shahrida yashovchi Ozarbayjon fuqarosi, 1988-yil tug‘ilgan Asgarov Bahruz Alimamed o‘g‘li jamoat xavfsizligini buzish maqsadida boshqa shaxslar bilan aloqaga chiqqani haqida asosli shubha uyg‘otgan. Aholi o‘rtasida vahima uyg‘otib, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar tomonidan qaror qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatgan holda, odamlar o‘limi va boshqa ijtimoiy xavfli oqibat keltirib chiqaradigan terror harakatini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan.
Aniqlanishicha, Bahruz Asgarov respublikaning turli hududlarida yashovchi fuqarolarni pinhona munosabatga jalb qilib, Lankaron shahri ijro hokimiyati rahbariga suiqasd uyushtirish maqsadida ularga ko‘rsatma bergan. Shuningdek, o‘zi bilan aloqada bo‘lganlarni Ozarbayjonda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan xorij fuqarosiga qarshi fitna uyushtirishga undagan.
O‘tkazilgan kompleks tezkor-qidiruv tadbiri natijasida Bahruz qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining terrorizmga tayyorgarlik ko‘rishni nazarda tutuvchi 28, 214.2.1-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi. Sud gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Qayd etilishicha, Asgarov ta’siriga tushganlar uchun xorijiy davlat hududida harbiy tayyorgarlik tashkil etishni ham rejalashtirgan. Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida bu jinoiy harakatlar yo‘qqa chiqarilgan.
Ayni payt jinoyat ishining barcha holatlarini aniqlash uchun keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbiri davom ettirilmoqda.