Navro‘z bayrami hamda muborak Ramazon oyi kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi Telemarkaz hamda Samanbay mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Nukus shahar hokimligi vakillari so‘zga chiqib, mahallalar aholisini bayram hamda yangi ochilgan bino bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek. so‘nggi yillarda mamlakatimizda ¬Prezidentimiz rahbarligida aholining turmush tarzini yaxshilash, fuqarolar murojaatlari bilan samarali ishlash, odamlarni hayotidan rozi qilish, joylardagi muammolarni ijobiy hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Avvalo, mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning tizimli faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratish davlat siyosati darajasida hal etilmoqda.

– Shu kungacha 15-umumta’lim maktabi binosida faoliyat olib bordik, – deydi Samanbay ovul fuqarolar yig‘ini raisi Sharyar Nurimbetov. – Kasb bayramimiz hamda Navro‘z bayrami shodiyonalari kunlarida yangi bino foydalanishga topshirildi. Buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. Yangi binoda fuqarolarni qabul qilish, ularning muammolarini tinglash, “mahalla yettiligi”ning samarali faoliyat olib borishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda xodimlar hamda fuqarolar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri