Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida “NavrUz” etnofestivali bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi tashabbusi bilan 2019-yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan festival doirasida tumanning bugungi kundagi turistik imkoniyati, jumladan, etnoturizm yo‘nalishini keng targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari hududning bir qator turistik obyektlariga bo‘ldi.
Tuman markazida festival ishtirokchilari va mehmonlarga “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida konsert dasturi namoyish etildi. Unda taniqli san’atkorlar, tuman madaniyat bo‘limi xodimlari, 2-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi jamoasi tomonidan ijro etilgan turli millat vakillarining kuy-qo‘shiqlari, qiz-yigitlar aytishuvi, sahna ko‘rinishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
Festival xalq sayli bilan davom etdi. Aholiga, bayram tadbiriga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlarga va mehmonlarga tumanda istiqomat qiluvchi qoraqalpoq, o‘zbek, qozoq, turkman va boshqa millat vakillarining milliy urf-odat va dasturlarini namoyon etuvchi konsert tomoshalari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy liboslar va milliy taomlar ko‘rgazmalari, milliy xalq o‘yinlari tomoshalari namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, etnofestivalda ishtirok etuvchi sayyohlarning soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu yilgi festivalda Angliya, Italiya, Fransiya, Polsha, Germaniya, Xitoy va boshqa davlatlardan 50 nafarga yaqin sayyoh, 30 nafarga yaqin mahalliy ommaviy axborot vositalari vakili hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tuman hokimi B.Menglibekov amalga oshirilayotgan ishlar hamda joriy yilda rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri