O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan boshlab yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida, temir yo‘l kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich o‘rnatiladi. Bunda:

maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanadigan joylarga o‘rnatiladi;

maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylar YHXX tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari hamda yo‘l-transport hodisalarining tahlilidan kelib chiqib belgilanadi.

Mazkur qaror bilan Yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida, temir yo‘l kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

2024-2026-yillar davomida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari manzilli ro‘yxat asosida o‘rnatilib, “Xavfsiz shahar” tizimlariga integratsiya qilinadi.

                                                                                                           O‘zA