O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, JSTning Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimi doirasida ma’lumot almashish va STT masalalari bo‘yicha xabar berish funksiyalarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston Standartlar instituti tuzilmasida xodimlarning Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etiladi.

Axborot markaziga respublikada texnik reglamentlar va muvofiqlikni baholash tartib-doidalarini ishlab chiqish, qabul qilish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha JST kotibiyati, JSTga a’zo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan axborot almashish bo‘yicha hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi.

Qaror bilan Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi hamda Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ularda:

ekspert komissiyasini shakllantirishning umumiy qoidalari;

ekspert komissiyasining vazifa va huquqlari, komissiya a’zolarining majburiyatlari va javobgarligi;

ekspert komissiyasi faoliyatini tashkil etish, komissiyaning ishchi organlari vakolatlari;

ishlab chikilgan texnik reglamentlar, ularga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish tartibi;

Axborot markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishi;

JST Kotibiyatiga va boshqa manfaatdor tomonlarga xabarnomalarni tayyorlash va taqdim etish tartibi;

JSTga a’zo mamlakatlardan STT sohasida ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan yoki qabul qilingan hujjatlar to‘g‘risidagi xabarnomalarni qabul qilish, qayta ishlash va muhokama qilish tartibi;

JSTning STT bo‘yicha xabarnomasi shakli, uni to‘ldirish yo‘riqnomasi tartibi belgilab berilgan.

 

O‘zA