Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida xususiy ― “MUZA” teatrining ochilish marosimi hamda jamoaning dastlabki “Qiymayman” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda soha nuroniylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri B.Temirbayev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti N.Ansatbayev, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri X.Dauletnazarov va boshqalar so‘zga chiqib, barchani yangi teatrning ochilishi bilan qutladi va jamoaga ijodiy parvoz tiladi.
Ta’kidlanganidek, xalqaro teatrlar kuni arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida dastlabki xususiy ― “MUZA” teatri faoliyatini boshlagani tomoshabinlar uchun ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi. Xususiy teatrning dastlabki ijod mahsuli rus dramaturgi A.Volodin qalamiga mansub “Qiymayman” spektakli yosh rejissyor Sultanbek Qallibekov tomonidan sahnalashtirildi.
Oila muqaddas. Har bir oila – kichik jamiyat. Shuning uchun ham oilaviy ajrimlarning ko‘payishi – jamiyat fojiasi. Uni saqlab qolish esa oilada er-xotinning bir-birini yaxshi tushunishi, ishonch va muhabbatiga bog‘liq. Oila insonning suyanchi sanaluvchi muqaddas dargoh bo‘lsa-da, ba’zi yosh juftliklar arzimas sabablar bilan o‘z oilaviy munosabatlarini saqlab qola olmaydi. Teatrning dastlabki spektakli aynan oila mavzusiga bag‘ishlanadi.
Bugungi kunda Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri hamda Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning safiga “MUZA” xususiy teatri qo‘shildi. Yangi teatr jamoasining kelgusi ijodiy ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari