Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi ayni kunlarda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida yangilanish va bunyodkorlik ishlari jadal ravishda olib borilayotgan “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘inida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Muloqot davomida o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukronalar aytish kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi. Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin emas, kamarbasta bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash yoshlarning burchidir.

Tadbir doirasida qator madaniy va ma’rifiy tadbirlar,  shu jumladan, sport o‘yinlari, qo‘chqor urishtirish, arqon tortish, milliy taomlar va liboslar ko‘rgazmalarining tashkil qilinishi uchrashuvga yana ham fayz kiritdi. Unda faol ishtirok etgan soha vakillariga,  yoshlarga namuna bo‘layotgan nuroniylarga esdalik sovg‘alari  topshirildi. Taniqli san’atkorlar tomonidan ijro qilingan kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri