Nukusda Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar yig‘inlari faollari, raislari, nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib. Mahalla tizimi xodimlarini kasb bayrami, shuningdek, umumxalq Navro‘z bayrami hamda ezgulik va mehr-muruvvat timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasida ustuvor vazifalar belgilanib, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Mahalla tizimining jamiyat hayotidagi o‘rni va obro‘sini oshirish borasidagi tashabbuslar ilgari surilib, “mahalla yettiligi”ning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa mahallaning xalqchil tuzilmaga aylanishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholi farovonligini yanada oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida o‘tgan yilda Aspantay (Bo‘zatov), Kerder (Nukus tumani), Qavatqal’a (Ellikqal’a), Nayman (Beruniy) Rao‘shan (Qo‘ng‘irot) va Jayhun (Taxiatosh) mahallalarida 11 milliard so‘mlik ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, Ellikqal’a tumanidagi Iftixor, Amudaryo tumanidagi Uyshin, Qonliko‘l tumanidagi Beshko‘pir, Xo‘jayli tumanidagi Mustaqilliq, Chimboy tumanidagi Pashent tao‘ mahallalarida qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida ilk marotaba “Namunali ko‘chaboshilari” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad aholining turmush darajasini, madaniyatini, ma’naviyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni tiklash hisoblanadi.
Bayram arafasida davlatimiz rahbarining farmoni bilan mamlakatimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish, jamiyatimizda mahallaning o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, mahallabay ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish borasidagi katta xizmatlari uchun bir guruh soha fidoiylari mukofotlandi. Jumladan, Mo‘ynoq tumanidagi “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Amangeldi Jaketov “Do‘stlik” ordeni, Taxtako‘pir tumanidagi “Maqpalko‘l” oilaviy shifokorlik punkti patronaj hamshirasi Baxargul Seytjanova “Sog‘lom turmush” medali, Amudaryo tumanidagi “Brighton School” o‘quv markazi direktori Nurbek Jumaniyozov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Tadbirda ushbu orden va medallar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, soha fidoyilaridan bir guruhi O‘zbekiston mahallalari uyushmasining “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan ko‘krak-nishonlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
–Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Orolbo‘yida, shu jumladan, Mo‘ynoq tumanimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “Uchsoy” ovul fuqarolar yig‘ini raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Amangeldi Jaketov. – Kamtarona xizmatimni davlat mukofotiga munosib ko‘rgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Tadbir ishtirokchilariga bag‘ishlab san’at ustalarining bayram konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev(surat),
O‘zA muxbirlari