“Teatr tomoshalari haftaligi» doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi teatrlarda “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining ma’lum qilishicha, 21–27-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida barcha teatrlarda ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari hamda spektakl va teatrlashtirilgan konsert dasturlari namoyish etilmoqda.
Jumladan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Ch.Aytmatovning “Jamila”, Uyg‘unning “Ab-u Rayhon Beruniy”, A.Qodiriyning “Anvar va Ra’no” dramalari, K.Raxmanovning “Injiqning muhabbati” spektakli, simfonik orkestrning “Siz sevgan musiqalar”, teatr xor jamoasining “Bahor ohanglari” konsert dasturlari tomoshabinlarga havola etilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida A.Pushkinning “Lo‘lilar” poemasi asosida sahnalashtirilgan “Aleko”, M.Avezovning “Qorako‘z”, Sh.Perroning “Etik kiygan mushuk”, K.Goldonining “Ikki boyga bir malay”, Q.Imanaliyevning “Qorqit ota”, P.Aytmuratovning “Buyuk ipak yo‘li”, T.Minnullinning “Bir qizga to‘rt oshiq”, D.Darushovaning “Erkaboyning nayranglari” spektakllari, teatr rassomlari T.Shardemetov va S.Dauletovlarning ijodiy ishlari namoyish etilmoqda. Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri shu kunlarda jajji tomoshabinlar bilan gavjum bo‘lmoqda. Ularga teatr jamoasi tomonidan “Xo‘sh kelding, bahorim, xo‘sh kelding, Navro‘z” teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, M.Begimovning “Qushlarni kutgan bolalar”, “Chopon afsonasi” va boshqada spektakllar taqdim etilib, yosh rassomlar o‘rtasida “Mening qahramonlarim” tanlovi o‘tkazildi.
Teatrlarda haftalik doirasida tashkil etilayotgan barcha tadbirlar aholiga bepul namoyish etilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri