FOTOREPORTAJ
Navro‘z umumxalq bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham ko‘tarinki ruhda, katta shodiyona bilan nishonlandi.
Dastlab tuman hokimi S. Xo‘jametov barchani yangi kun, yangi dehqonchilik faslining boshlanishi bilan muborakbod etdi.
Tumanda keyingi yillarda turli sohalarda erishilgan yuksak natijalar, tobora obod va farovonlashib borayotgan zamonaviy qishloqlar, sportda, ijodda, ta’lim sohasida amudaryolik yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar xususida mamnuniyat bilan so‘z yuritdi. El-yurt obodligi va farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, qishloq va mahallalar hududlarini bog‘larga aylantirayotgan fermerlarga, tadbirkor-u hunarmandlarga, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga ulkan yutuqlar tiladi.
Navro‘zona bezatilgan maydon uzra dillarni yayratuvchi bahor taronalari yangradi. “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida Amudaryo tumani madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi Navro‘z sayli ishtirokchilariga olam-olam zavq bag‘ishladi.
Saylga go‘zallik va nafosat baxsh etgan sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, arqon tortish va milliy kurash bo‘yicha o‘tkazilgan bahslar, Navro‘zga xos an’analar tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlandi. Barcha bellashuv g‘oliblariga Navro‘z sovg‘alari topshirildi.
O‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus, turkman, tatar-u boshqird, koreys, ukrain va boshqa millat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashayotgan Amudaryo zaminida Navro‘zi olam – yangi kun, yangi dehqonchilik fasli ana shunday shod-u xurramlik bilan qarshi olindi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA