Ozarbayjonda boks bo‘yicha o‘tayotgan xalqaro turnirning navbatdagi kunida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafari ringga ko‘tarildi. Afsuski, ular orasida Qodir Axtamov, Samandar Jalolov va Odiljon Aslonov imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Musobaqaning -57 kg. vazn toifasida hamyurtimiz Xudoynazar Fayzov mezbonlar vakili Umid Rustamovni 3:2 hisobida taslim etgan bo‘lsa, vazni 60 kilogrammgacha vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Sayat Ilyasov boshqa bir mezbon bokschi Ramazan Abdullayevni 5:0 hisobida yengdi. Ushbu vazndagi ikkinchi bokschimiz Baxtiyor Asadov ham ozarbayjonlik Maqsud Hasmetovni 3:2 hisobida taslim qildi.
Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Abdulloh Ma’daminov, Bekzod Hamidov, Rahmatilla Boymatov va Fazliddin Erkinboyev kabi charm qo‘lqop ustalarimiz g‘alabani qo‘lga kiritgan holda navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA