Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida KXDR rahbari Kim Chen In bilan tezroq ko‘rishish niyatini bildirgan, deb yozdi Markaziy telegraf agentligi.
Yetakchining singlisi Kim Yo Chjon ta’kidlashicha, avvalroq Kisida KXDR va Yaponiya o‘rtasida oliy darajali sammit o‘tkazish imkoniyatiga qiziqish bildirib, ushbu rejasini Shimoliy Koreyaga yetkazgan.
Kun chiqar yurt hukumati bosh kotibi Yosimasa Xayasi ham fevral oyida Bosh vazir KXDR yetakchisi bilan oliy darajada muzokara o‘tkazish maqsadida ekanini aytgan.
***
Ukraina agrar kengashi rahbari o‘rinbosari Denis Marchuk ma’lum qilishicha, qishloqlardan urushga safarbarlik faol davom etayotgani uchun mamlakat qishloq xo‘jaligida ishchi kuchi yetishmayapti.
Mamlakatda 2022-yil 24-fevraldan harbiy holat joriy qilingan, keyingi kun Vladimir Zelenskiy umumiy safarbarlik haqidagi farmonni imzolagan. 18-60 yoshli erkaklar harbiy tartib amal qilayotgan davrda Ukrainani tark etishi taqiqlangan.
***
Tel-Aviv markazida Isroilda muddatidan avval saylov o‘tkazish va zudlik bilan G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilishni talab qilgan namoyishchilar to‘plangan.
“RIA Novosti” yozishicha, norozilik aksiyasi mudofaa vazirligi joylashgan hukumat binosi qarshisida bo‘lib o‘tmoqda. Olomon besh oydan buyon XAMAS harakati tomonidan asirlikda ushlab turilgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishni talab qilmoqda.
XAMAS 240 dan ziyod Isroil fuqarosini garovga olgan. Ularning 112 nafari qutqarildi, 33 kishi halok bo‘ldi. Hozir taxminan 100 kishi garovda qolgan.
***
Qirg‘iziston maxsus xizmati transmilliy uyushgan jinoiy guruhning besh nafar a’zosini hibsga oldi. Ular mamlakat rahbariyatiga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan.
Respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan bayonotda “Mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi faol kurash siyosati boshlangach, jinoyatchilar shunday reja tuzishgan”, deyiladi bayonotda.
***
AQSH Vakillar palatasi ortidan Senat ham moliya yili tugagunga qadar 1,2 trillion dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Shu tariqa shatdaunning oldi olindi.
Hukumat idoralari moliyalashtirilmagani uchun faoliyatini to‘xtatib qo‘yishi Amerikada “shatdaun” tushunchasi bilan ifodalanadi.
Mazkur hujjat Isroilga 3,3 milliard, Ukrainaga 300 million dollar harbiy yordam ajratilishini ham ko‘zda tutadi.
***
Polshalik harbiylar RF qanotli raketasi mamlakat hududiga kirganini ta’kidlamoqda.
Qurolli kuchlar qo‘mondonligi bayonotida aytilishicha, Rossiyadan uchirilgan obyekt Polsha havo kengligida 39 soniya turgach, qaytib ketgan.
***
Slovakiyada respublika prezidenti saylovida tashqi ishlar vazirligi sobiq rahbari Ivan Korchok yetakchilik qilmoqda. U saylovning birinchi bosqichida 42,51 foiz ovoz oldi. Respublika parlamenti rahbari Peter Pellegrini esa 37,02 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Ular endi 6-aprelga belgilangan ikkinchi bosqichda raqobatlashadi.
***
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Edriyenn Uotson bayonot berishicha, Krasnogorskdagi teraktga Ukrainaning aloqasi yo‘q.
– Ushbu hujum uchun “ISHID” to‘liq javobgar, – deyiladi “RIA Novosti” ixtiyoriga kelib tushgan bayonotda.
***
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni, zarurat bo‘lmasa, Rossiyaga bormaslikka chaqirdi. Hozir RFda chiqish va kirish tekshiruvi kuchaytirilgan. Shu sababli Rossiyaga safar qilishdan tiyilish tavsiya qilingan. Avvalroq Qirg‘izistondan Moskvaga uchib kelgan muhojirlar “Sheremetevo” aeroportida qolib ketgani ma’lum qilingan edi.
***
Kreml ISHIDning Moskvadagi teraktga aloqadorligiga izoh berishdan bosh tortdi.
– Tekshiruv ketyapti, hozircha biror ishonchli dalil yo‘q, – deya bayonot berdi RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. – Gap faqat dastlabki ma’lumot haqida bormoqda. Maxsus idoralardan rasmiy ma’lumot kutish kerak.
***
Turkiyada 31-mart kuni bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovga xavfsizlikni ta’minlash uchun yarim milliondan ziyod politsiya xodimi jalb qilinadi, dedi Turiya ichki ishlar vaziri Erliqoya.
S.Rahimov, O‘zA