Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” bosh g‘oya asosida bayram shodiyonalari o‘tkazilmoqda.

Barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam bayramini munosib nishonlash maqsadida tuman markazidagi ko‘chalar o‘zgacha bayramona tusga kirdi. Mustaqillik ko‘chasining ikki tomonidagi beton ustunlar bayramona gullar, bayroqlar bilan bezatildi. Mahallalardagi usta, hunarmandlar o‘z mehnat mahsullari bilan kelishgan bo‘lsa, milliy kiyimlardagi qiz-juvonlar milliy taomlar ko‘rgazmasida o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.

Mohir pazandalar tomonidan tayyorlangan bahorning totli taomi barchaga ulashildi. Onaxonlar ko‘klamga yetkazganiga shukronalik bildirib, duoga qo‘l ochdi. Barchamiz uchun yashillik va ko‘klamdan darak beruvchi bahor valsi, Navro‘z haqidagi kuy-qo‘shiqlar bayram qatnashchilariga bahoriy ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Bayram tadbirlari boshlanishidan oldin tuman hokimi, sektor rahbarlari mehmonlar va faxriylar birgalikda mahallalar tomonidan bezatilgan so‘rilarda tashkil qilingan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi, sayil ishtirokchilarini bayram bilan tabrikladi.

Tuman hokimi R.Shamuratov yurtdoshlarimizga bayram tabrigini yo‘llagach, bayram konserti boshlandi. Tuman madaniyat bo‘limi xodimlari hamda  xushovoz xonandalar ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar, iste’dodli yoshlarning jozibali raqslari hamda teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, latifalar hamda aytishuvlardan iborat bayram tomoshalari boshlandi. El suygan san’atkorlarning yangicha, o‘zgacha va bayramona chiqishlari, milliy laparlar, turli millat vakillarining qo‘shiqlari va iqtidorli yoshlardan iborat to‘garak a’zolarining ijrolari bayram tantanalariga o‘zgacha fayz kiritdi.

Shu kuni havo bulutli bo‘lishiga qaramay, barchaning kayfiyati yuqori. Markaziy ko‘chada bo‘lib o‘tgan bayram shodiyonalari milliy sport o‘yinlariga ulanib ketdi. Polvonlar bellashuvi, mahallalardan chiqqan yigitlarning arqon tortishuvlari hamda qo‘chqor urishtirishlar qiziquvchilarni chorladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish qilgan sportchilarga musobaqa yakunida qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.