Nukus shahridagi 52-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 7-17 yoshdagi o‘quvchilar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida sport sinovlarini o‘tkazish belgilandi. Sinovlar erkaklar va ayollar uchun alohida hamda yosh guruhlari bo‘yicha yiliga bir marta o‘tkaziladi.
Har yili sport sinovlari mart-noyabr oylarida beshta yo‘nalishda, jumladan, 1-yo‘nalish (mart-aprel oylarida) –7 yoshdan 17 yoshgacha, 2-yo‘nalish (aprel-may oylarida) –18 yoshdan 29 yoshgacha, 3-yo‘nalish (avgust-sentyabr oylarida) –30 yoshdan 49 yoshgacha, 4-yo‘nalish (oktyabr-noyabr oylarida) –50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar, 5-yo‘nalish (noyabr oyida) –davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida o‘tkaziladi.
Sport sinovlarida ishtirok etuvchilar ixtiyoriy ravishda shahar va tuman hokimliklarida tuzilgan ishchi guruhga ariza (yozma yoki elektron tarzda) bilan murojaat qiladi (arizada ixtiyoriy yoki maxsus talablarni bajarishi aniq ko‘rsatiladi) va sog‘lig‘i yuzasidan tegishli ma’lumotnomani (imkoniyati cheklangan shaxslar uchun majburiy) taqdim qiladi. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun mazkur sport sinovlarining turlari va mezonlari (ixtiyoriy hamda maxsus talablarini bajarish) asosida ota-onalar, vasiylar ishtirokida ixtiyoriy ravishda hamda shifokor tavsiyalari va nazorati ostida o‘tkaziladi.
–7-17 yoshdagilar o‘rtasida o‘tkaziladigan joriy yilgi “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida 133 ming 206 nafar maktab o‘quvchisi qatnashish istagini bildirdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport vazirligi bosh mutaxassisi Dilshod Begjanov. – Shundan bugungi sport sinovida 400 nafari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, yosh ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida qator imtiyoz va rag‘batlantirishlardan foydalanadi. Jumladan, g‘oliblar (1-o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz, tanlovdan tashqari o‘qishga qabul qilinib, umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish imkoniyatini taqdim etadi (taksi, shu jumladan, yo‘nalishli taksi bundan mustasno).
Shuningdek, g‘olib va sovrindorlar (1, 2 va 3-o‘rin) safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi. Davlat shahar va tuman ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
G‘olib va sovrindorlarning farzandlari o‘zlari yashayotgan joydagi umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi. Ularga ish joyi hisobidan dam olish maskanlari va sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etiladi. Respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy ta’lim muassasalari sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari