Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz!
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi, shuningdek, mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, uning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlar faoliyatini targ‘ib etish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz bo‘ylab “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirda faol ishtirok etgan ustozlarga hamda “Onajonim she’riyat” klubi a’zolariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tomonidan tashakkurnoma hamda kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Millatlararo totuvlik ulug‘landi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ma’naviy va ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ezgu harakatlar natijasida yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, shuningdek, 16 ta diniy konfessiya vakillari yashab kelmoqda. Turli millatlarning o‘ziga xos urf-odatlari va milliy an’analarini hurmat qilish hamda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir davomida millatlararo totuvlik va ahillik g‘oyalari keng targ‘ib qilinib, talabalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturida turli millat vakillarining qo‘shiq va raqslari ijro etildi.
O‘qituvchilar mini futbol bo‘yicha bahslashdi
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi To‘rtko‘l tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida mini futbol bo‘yicha o‘qituvchi hamda ishchi xodimlar o‘rtasida musobaqa tashkil etildi.
Musobaqaning final bosqichida 12 ta jamoa ishtirok etdi. Unda faxrli birinchi o‘rinni tumandagi 30-sonli, ikkinchi o‘rinni 1-sonli, uchinchi o‘rinni 25-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi jamoalari egalladi.
Sovrinli o‘rinlarni egallagan jamoalar O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi To‘rtko‘l tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri