Xalqimizda “hashar” deb nomlangan ajoyib an’ana bor. Bu odat yillar o‘tsada o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Boisi hasharda xalqimizning birligi, ahilligi namoyon bo‘ladi. Bahor kelishi bilan Navro‘z bayrami arafasida barcha hududlarda umumxalq hasharlari tashkil etilib, ariqlar tozalanadi, daraxtlarga shakl berilib tagi oqlanadi, yangi ko‘chatlar ekiladi, qabristonlar obod qilinadi, hududlar chiqindilardan tozalanadi. Zotan, aynan hashar yo‘li bilan amalga oshirilgan obodonlashtirish va tozalash ishlari bois shahar-u qishloqlarimiz o‘zgacha chiroy va tarovat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi jamoalari ham mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida faol qatnashmoqda.

Jamoa a’zolari tomonidan tevarak-atrofni tozalash, daraxtlarga shakl berish, nihollar va gul ko‘chatlari o‘tqazish kabi ishlar uyushqoqlik bilan bajarildi. Hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan hasharda jamoaning har bir a’zosi faol ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri