Erta tongdan o‘zlari mehnat qiladigan korxonaning yon-atrofini, tug‘ilib o‘sgan shahrining ko‘cha-yu-xiyobonlarini tartibga keltirish uchun chiqqan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tizimida mehnat qilayotgan xodimlar hasharda faol ishtirok etmoqda.
Xalqimizda “Birgalikda ko‘targan yuk yengil” degan dono gap bor. Insoniyat qadimdan katta masalalarni hamjihatlikda hal qilib kelgan. Ayni ushbu jihat taraqqiyotga asos yaratib beradi va bu an’ana hozirda ham davom etmoqda. Kundalik hayotda yig‘ilib qolgan muammolarni jamoa bo‘lib bartaraf etish, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkaziladigan hasharlar yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Azaldan xalqimizga xos bo‘lgan ayni shunday tadbirlar davomida yurtdoshlarimizning bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, insonparvarlik singari ajoyib hislatlari barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. Yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ ayyom – Navro‘z bayrami oldidan mahallalarni, ko‘chalar va aholi turar joylarini obodonlashtirish ishlari hamjihatlik bilan amalga oshirilmoqda. Energetiklar tomonidan Nukus shahrining eng serqatnov joylaridan biri hisoblangan A.Utepov ko‘chasidagi begona o‘tlardan tozalanib, mevali va manzarali nihollarga shakl berilmoqda, ariq va zovurlar tozalanmoqda.
Garchi mehnat haftasi tugab, bugun dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, ishtirokchilarning hech birida charchoq sezilmaydi. Sababi har bir yurtdoshimiz o‘zlarining mehnati el-yurt ravnaqi, atrof-muhit musaffoligi, mahallalarning ozodaligi, bir so‘z bilan aytganda ko‘ngil obodligi uchun yo‘naltirilayotganini juda yaxshi his qilishadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.