Yurtimizga go‘zallik fasli bo‘lmish bahor iliq nafasi ila tabiatni uyg‘otib, o‘zining yoqimli tafti bilan kirib keldi. Qalbi go‘zallikka, ezgulikka oshno inson borki, bayramlar faslida tevarak-atrofni obod qilishga shoshadi. Zero, ozodalik, poklik bor joyda doimo baraka va fayz bo‘ladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida tuman va shaharlar, mahalla va ko‘chalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga qaratilgan umumxalq hasharlarini o‘tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani barcha mahalla va ovullarida, korxona va tashkilotlarda umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan boshlandi. Tuman aholisi yashab turgan mahallasini obodonlashtirishda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida barcha mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mehr-saxovat ko‘rsatish shu bilan birga “Dolzarb 10 kunlik” tadbirlarini o‘tkazish ham rejalashtirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri