Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida festival bo‘lib o‘tdi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlarning vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlar dastlab talabalar tomonidan tayyorlangan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rassomchilik ko‘rgazmalari, turli millat vakillarining urf-odatlarini hamda milliy sport o‘yinlarini tomosha qildi. Shuningdek, festival doirasida “Do‘stlik bog‘i”ni barpo etish maqsadida universitet atrofiga ko‘chatlar ekildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda 130 dan ziyod millat vakillari bir oila farzandlaridek bo‘lib, teng huquqlilik va o‘zaro totuvlikda yashab kelayotganligini, ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, qadriyatlarini muhofaza etish va rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratib berilganligini alohida ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish, har bir millatning qadriyatlarini saqlash, urf-odat va an’analari rivojlantirishga barcha imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, bu, o‘z navbatida, ko‘p millatli xalqimizning o‘zaro totuvligini mustahkamlashga, ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashiga xizmat qilmoqda.
Festivalda milliy-madaniy markazlarning ko‘rgazmasi namoyish etildi. O‘quv yurti talaba-yoshlarining ona Vatanni, xalqlar do‘stligini ulug‘lovchi kuy va qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari