Germaniya davlati Xanns Zaydel jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekiston mahallalarida Ramazon oyining o‘rni, ahil qo‘shnichilik munosabatlari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, hamkor tashkilotlar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Shavkat Hamdamov Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi o‘rni, odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehr-u saxovat kabi fazilatlari xususida so‘z yuritdi. Keksalarni e’zozlash, qo‘ni-qo‘shnilar bilan sovg‘a-salom almashish, muhtojlarga yordam berish, bemorlar holidan xabar olish kabi ezgu amallar jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbirda so‘z olgan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Muxtor Shonazarov fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini hisoblangan mahalla tuzilmasining oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlashdagi o‘rni xususida o‘z mulohazalarini bildirdi.

Davra suhbati o‘zaro fikr almashish va samarali muhokamalar bilan qizg‘in tus oldi. Tashkilotchilar va ishtirokchilar mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish va takomillashtirish doirasida o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga ishonch bildirdi.

Ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi fazilatli oyda jam bo‘lgan ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

Kamola YUSUPOVA, O‘zA