O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tabirkorlar birlashmalarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi va uning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga beriladi.

2024-yil 1-iyuldan boshlab Kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi asosida taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalar Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimga (GATT) hamda Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (ASCM) muvofiqlashtiriladi.

Kompaniya tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash shartlari hamda Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi Savdo-sanoat palatasi taklifiga asosan Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi va Kompaniyaga o‘z daromadlari hisobidan savdoni rivojlantirish choralarini ko‘rishga ruxsat etiladi.

Kompaniyaning Kuzatuv kengashiga tadbirkorlik subyektlarining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularni Kompaniya daromadlari hisobidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha yordam instrumentlarini joriy etish, samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hollarda moliyaviy yordamni to‘xtatish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritib borish vakolati beriladi.

Kompaniyaga Kuzatuv kengashi tasdiqlagan nizomga asosan malakali mutaxassislardan iborat tanlov komissiyasi tomonidan mustaqil ravishda:

xalqaro yuridik, auditorlik, investitsiya maslahatchilari, konsalting kompaniyalari, malakali mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda konsultantlarni jalb etish;

axborotlashtirish qurilmalari va xizmatlari hamda dasturiy ta’minotlarni yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqi beriladi.

O‘zA