Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘rmon fondini muhofaza qilish, ko‘paytirish, undan oqilona foydalanish, sohaga bozor mexanizmlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tegishli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2030-yilgacha bo‘lgan davrda o‘rmon xo‘jaligini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

–Joriy yilgi reja asosida o‘rmon fondi yerlarida 905 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish, 3 ming 905 gektar o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish nazarda tutilgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yerniyaz Akimniyazov. – Shuningdek, o‘rmonzorlar va butazorlar maydonini 50 ming 80 gektarga yetkazish, melioratsiya inshootlari chetida hamda qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni oshirish maqsadida shamol hamda suv eroziyalaridan muhofaza qilish uchun 250 gektar yer maydonida ihota daraxtzor barpo etiladi. Bundan tashqari, 182 tonna daraxt va buta urug‘ini tayyorlash, 19 million 420 ming dona daraxt ko‘chatini (shundan 1,6 million dona tut ko‘chati) yetishtirish, xususiy sektor subyektlari bilan hamkorlikda chorvachilik, asalarichilikni rivojlantirish, 213 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va 2 ming 236 tonna mahsulot yetishtirish belgilandi.

Qaror ijrosi doirasida o‘rmon xo‘jaliklarida 1 ming 242 gektar maydonda dorivor hamda ozuqabop ekinlar ekilib, shundan 1 ming 870 tonna xomashyo yetishtiriladi. Xususiy sektor bilan hamkorlikda 1 gektar maydonda issiqxona barpo etilib, limon yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 41,3 milliard so‘m daromad olish belgilangan. Joriy yilda Bo‘zatov tumani davlat o‘rmon xo‘jaligida 7 gektar, Qorao‘zak tumani davlat o‘rmon xo‘jaligida 7 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish, Orol dengizining qurigan tubidagi 100 gektar maydonda o‘rmonzor barpo etish, Bo‘zatov tumani qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari chetlarida ihota daraxtzorlar yaratish maqsadida jami 48 ming AQSH dollarlik grant kiritiladi.

Bundan tashqari, Orol dengizining suvi qurigan tubidagi “Aqqum” massivida o‘rmonzor barpo etish maqsadida Orolni qutqarish jamg‘armasi hisobidan 760 million so‘mlik loyiha amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 23-noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida Orolbo‘yi hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatish hamda hududda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlari davom etmoqda. Shundan bugungi kunga qadar 65 ming 133 gektar maydonda saksovul, qandim, cherkez kabi daraxt va butalar ekilgan.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri.