Yaqinda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Unga muvofiq, endilikda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadi 100 mln. so‘mdan oshganda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tadi.

Ya’ni, ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘laydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadlari tashqi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida shakllantiriladi.

E’tiborlisi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 100 mln. so‘mdan 1 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan daromadlari uchun aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Misol uchun, joriy yilning yanvar oyida o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning daromadi 104 mln. so‘mni tashkil etgan. Bunda uning 100 mln. so‘m miqdoridagi daromadiga soliq solinmaydi. Qolgan 4 mln. so‘mdan daromadning belgilangan me’yoridan oshgan qismi ya’ni 4 foizi miqdorida aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Shu o‘rinda aytish joiz, 5-toifaga kiruvchi hududlarda faoliyat yuritayotgan va daromadi 100 mln so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliq ni 1 foiz stavkada to‘laydi. Elektron savdo maydonchasida tovar (ish, xizmat)lar savdosini amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 2 foiz miqdorida belgilangan. Shundan kelib chiqib, tovarlarini elektron savdo maydonchasida sotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar daromadining 100 mln. so‘mdan oshgan qismidan 2 foiz stavkada aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadi 1 mlrd. so‘mdan oshsa, ular QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, soliq davrida tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 million so‘mdan oshgan, lekin 1 mlrd. so‘mgacha bo‘lganda aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tan olinadi. Bunda ular soliq organlariga soliq hisobotini taqdim etishi hamda soliqlarni to‘lashi shart.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA