O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Bosh vazir Oljas Bektanovni yaqinda ushbu lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutladi va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘z navbatida, Qozog‘iston Hukumati rahbari O‘zbekiston Prezidentiga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik doirasida hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish jarayonida, shu jumladan vakolatli vazirlar boshchiligidagi ishchi guruh doirasida to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zaro kelishilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz strategik sherikligida muhim yo‘nalishlar bo‘lgan sanoat, transport va logistikada kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ustuvor tarmoqlardagi investitsiya dasturlarining yangi portfelini hamda transport va energetika sohasidagi mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni tubdan kengaytirish maqsadida hukumatlar darajasida yaqin va tizimli aloqalarni davom ettirish muhimligini qayd etdi.