Nikolay Kuznesov: O‘zbekiston sanoatini Rossiya va Yaqin Sharq bozorlariga eksport qilishi imkoniyatini yaratmoqchimiz

277

Avval xabar qilganimizdek, Toshkentda “O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiya Federatsiyasining Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti (INTI) bilan hamkorlikda “Texnik kun” xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

O‘zA muxbiri ushbu anjumanning ahamiyati va tomonlar o‘rtasidagi galdagi rejalar xususida tashkilotchilardan intervyu oldi.

Feruz Madatov, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish departamenti boshlig‘i:

– Bugun“Texnik kun” xalqaro anjumani birinchi bor tashkil etildi. “O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiya Federatsiyasining Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad mavzu doirasida fikr almashish, xorij tajribasini o‘rganish va o‘zaro muloqot qilish orqali faoliyatimiz samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Ta’kidlash kerakki, tashkilotimiz INTI bilan hamkorlik aloqalarini 2020-yilda boshlagan edi. Shu kunga qadar hamkorlik 140 dan ortiq standart ko‘rib chiqilgan. “O‘zbekneftgaz” AJ ekspertlari tomonidan esa 80 ta standart tasdiqlangan. Ayni kunlarda ushbu standartlardan 50 ga yaqinini tizimimizda qo‘llash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Anjumanga “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan texnik, mexanik, energetik va metrolog mutaxassislar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tashkilotimiz korxonalariga uskunalar va qurilmalar yetkazib beruvchilar taklif etildi. Shu bilan birga, xorijlik hamkorlarimiz ham qatnashmoqda. Ular uchun geologik qidiruv, burg‘ilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, bosim ostida ishlovchi apparatlar, rotatsion va nasos uskunalari, energetika, avtomatlashtirish, qurilish me’yorlari kabi 170 dan ortiq yo‘nalish va standartlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Bu kabi taqdim etilayotgan ma’lumotlar orqali xalqaro standartlarni qo‘llash va ishlab chiqarishga joriy qilish bo‘yicha ishtirokchilarning bilimini boyitish, ko‘nikma hosil qilish va tajriba almashishga imkoniyat yaratdik. Bu bizning oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimiz edi. O‘ylaymanki, bunga biz, tashkilotchilar erishdik.

Nikolay Kuznesov, Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti bosh direktori: 

– Albatta, bugungi tadbir ishtirokchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi. Ular bir-biri bilan muloqot qilib, yaqindan tanishdi va fikr almashdi. Bu tajriba va ko‘nikma uchun qulay muhit hisoblanadi.

Shu o‘rinda, Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Hozirgi kunda institut Rossiya, Yaqin Sharq va MDH davlatlarining 20 dan ortiq yirik neft va gaz kompaniyalarini birlashtirgan. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan maqsad “O‘zbekneftgaz” AJ bilan to‘rt yildan buyon yo‘lga qo‘ygan aloqalarimizni rivojlantirishdir. “O‘zbekneftgaz” AJ 2020-yilda institutimiz bilan shartnoma tuzgan birinchi xorijiy kompaniyadir. Ayni paytda esa 140 dan ortiq standart birgalikda ko‘rib chiqildi.

Bugun tadbir doirasida institut va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqchimiz. Bu nafaqat “O‘zbekneftgaz” AJ va Energetika vazirligiga, balki biz o‘z ishimizga O‘zbekiston sanoatini, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham mamlakatingizdagi mavjud texnologiyalarni, birinchi navbatda Rossiya, shuningdek, Yaqin Sharq bozorlariga eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun jalb qilmoqchimiz.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.