12 ming 359 nafar yoshga 21,7 milliard so‘m miqdoridagi imtihon xarajatlari qoplab berildi
Ma’lumki, Xalqaro imtihon tizimlari davlat xizmati Yoshlar ishlari agentligining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda AT “Xalq banki”ning tegishli elektron platformasi bilan o‘zaro integratsiya qilingan reestr.yoshlarportali.uz elektron reestri orqali amalga oshirilmoqda.
Ushbu tizimdagi yangiliklar va imtihon topshirish xarajatlarini to‘lash tizimi xususida Yoshlar ishlari agentligi boshqarma bosh mutaxassisi Elmurod Jabborov quyidagilarni gapirib berdi.
–Davlat xizmatini ko‘rsatish tomonidan yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish muddati 30 kundan 15 kungacha qisqartirilib, “Xazna” mobil ilovasi orqali mablag‘larni uzluksiz vaqt rejimida shaxsiy bank plastik kartasiga olish imkoni yaratildi.
O‘tgan yil hisobida aytadigan bo‘lsak, jami 21 ming 103 ta ariza kelib tushgan. Shundan 6 ming 38 ta ariza ma’muriy reglamentga muvofiq bo‘lmagani sababli rad etildi. 771 ta ariza muallif tomonidan bekor qilingan, 1 ming 391 ta ariza verifikatsiya, ya’ni, sertifikatning haqiqiyligini tekshirish jarayonida. 12 ming 902 ta arizaga ijobiy xulosa (tasdiqnoma) berilgan bo‘lib, shundan 12 ming 359 nafar yoshga 21,7 milliard so‘m miqdoridagi imtihon topshirish xarajatlari Agentlik mablag‘lari hisobidan AT “Xalq banki”ning joylardagi filiallari orqali naqd pul shaklida va “Xazna” mobil ilovasi orqali bank plastik kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan qoplab berildi.
Imtihon xarajatlari Toshkent shahridan 4114 nafar, Buxorodan 1163 nafar, Farg‘onadan 970 nafar, Namangandan 875 nafar, Samarqanddan 826 nafar, Xorazmdan 752 nafar, Toshkentdan 679 nafar, Andijondan 610 nafar, Qashqadaryodan 545 nafar, Navoiydan 513 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 471 nafar, Surxondaryodan 362 nafar, Jizzaxdan 335 nafar, Sirdaryodan 144 nafar yoshga to‘lab berildi.
Xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berishga arizalar yuborish quyidagi yo‘nalishda amalga oshiriladi.
Jumladan, ariza beruvchi YAIDXPda ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va so‘rov yuboradi. Yoshlar ishlari agentligi 15 kalendar kun davomida maxsus sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi. Maxsus sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlash imkoni bo‘lmasa, maxsus sertifikatning xaqiqiyligini tasdiqlashni so‘rab vakolatli xorijiy tashkilotga so‘rov yuboradi.
Shuningdek, maxsus sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanganda 15 kun mobaynida maxsus sertifikat egasi bo‘lgan ariza beruvchilarning reestri shakllantiriladi. Reestrga muvofiq kompensatsiya mablag‘lari Xalq bankining hisob-varag‘iga moliyalashtiriladi va xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga SMS xabar yuboradi.
Xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga SMS yuborilgandan so‘ng Xalq banki filiali ariza beruvchining kompensatsiya pulini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlagan holda belgilangan kompensatsiya to‘lovini amalga oshiradi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA