Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida o‘qisa, ish haqi saqlanadimi?
Ma’lumki, mamlakatimizda biznes va tadbirkorlik, korporativ va loyiha boshqaruvi, menejment sohasida boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq tubdan takomillashtirish maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi joriy etilgan.
Ushbu oliy maktabning vazifalari va unda o‘qish jarayonlarida kasbiy faoliyatdan ish haqini belgilanishi qanday amalga oshiriladi? Bu borada “Business Lawyers Group” advokatlik firmasi advokati Muhriddin Shamsiddinov batafsil tushuntirish berdi.
– Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan.
Jumladan, respublika iqtisodiyotini rivojlantirishga zarur bo‘lgan boshqaruv kadrlari, bular oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, kichik biznes va tadbirkorlik, raqamli iqtisodiyot, raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish, marketing, menejment va iqtisodiyotning talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlarni, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash belgilangan.
Shuningdek, iqtisodiyotda erkin raqobat muhitini shakllantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, tovar va moliya bozorlarida monopol mavqega ega bo‘lgan korxonalarga qo‘llanilgan imtiyoz va preferensiyalar samaradorligini baholab borish va tegishli masalalar bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish amalga oshiriladi.
Xalqaro e’tirof etilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, korporativ va loyiha boshqaruvi hamda boshqa sohalarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish ham Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining yo‘nalishlariga kiradi.
“Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish va uni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, magistraturada ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qish davrida magistratura tinglovchilarining egallab turgan ish o‘rinlari (lavozimlari) va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Bunda ish beruvchi tasdiqlangan ish haqi fondi doirasida magistraturada ta’lim olayotgan tinglovchining o‘qishni tamomlash davri yakuniga qadar muddatga tuzilgan shartnoma asosida boshqa xodimlarni tegishli ish joyiga qabul qilishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA