Yurtimizda bayramlar, qutlug‘ sanalar ko‘p. Lekin inson qadri va sha’nini ulug‘lashda Navro‘z ayyomi alohida o‘rin tutadi. Necha asrlik tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, bizgacha yetib kelgan milliy bayramimiz – Navro‘z sharqona yangi yilning boshlanishi, yasharish, yangilanish fasli tarovatini olib kelgani, hayotbaxsh urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va an’analarimizning yorqin ifodasi bo‘lganligi bilan ham juda aziz va qadrli.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-martdagi “2024 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari, turli xil tadbirlar ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi “Yosh avlod” mahalla fuqarolar yig‘inida Navro‘z shodiyonalari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Mahalla xotin-qizlari doshqozonda yaxshi niyatlar bilan milliy taomimiz sumalakni qaynatgan bo‘lsa, bir tomonda yigitlar milliy o‘yinlarimiz bo‘lgan arqon tortish, kurash va turnikka tortilish bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

–Navro‘z kunlarida necha ming yillik an’ana va qadriyatlarimizni yangidan kashf etamiz, – deydi mahalla faoli Klara Xudaybergenova. – Shu orqali qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bor anglaymiz, bundan qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Bayramni tashkil etishda faollik ko‘rsatgan xonadon egalariga O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri