Har bir murojaat ortida inson bor, xalq bor. Shu nuqtayi nazardan murojaatga e’tibor, ularga bo‘lgan e’tibordir.

Senat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan  aholi murojaatlari bilan ishlash borasida muayyan natijalarga erishilmoqda.

Senat Raisi T.Norboyevaning qayd etishicha, Senatga yo‘llangan murojaatlar, ular xoh yozma, xoh elektron yoki og‘zaki bo‘lsin, birortasi ham e’tibordan chetda qolmaydi.

2023-yilda Senatga kelib tushgan murojaatlarning aksariyati qo‘mitalar tomonidan alohida nazoratga olinib, senatorlarning bevosita sa’y-harakatlari bilan ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

O‘tgan yilda senatorlar takliflari bilan saylovchilar murojaati asosida ko‘tarilgan hududlardagi muammoli masalalar yalpi majlislar muhokamasiga olib chiqildi va o‘z ijobiy yechimlarini topdi (jami 17 marotaba).

Joriy yilda ham Senatga kelayotgan murojaatlarning ijobiy yechimini topish borasida senatorlar barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri Ashik aydin ko‘chasida yashovchi Zulayho Ortiqova Senat Raisining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali murojaat qilib, hududiy idoralarda arzi inobatga olinmayotganini ma’lum qildi. Ariza mazmunidan ma’lum bo‘lishicha, bu fuqarodan ishdan bo‘shash talab qilingan.

“Men Xo‘jayli tumanida bankda ishlayman. Bu tizimda 2008-yildan buyon ishlab kelmoqdaman. Bir farzandim bor, uni yolg‘iz katta qilyapman. Uyim bankdan olingan kredit evaziga garovda, boshqa yashash uchun ehtiyojim yuzasidan olgan kreditlarim ham bor. Shu barcha xarajatlar bo‘ynimda. Boshqa joydan 4-yildan buyon ish topa olmayapman, ayol kishi ekanim va yoshimni inobatga olib, rad etishmoqda. Agar hozirgi ishimdan ajralsam, o‘g‘lim va mening yashash sharoitimiz og‘irlashadi. Shuni o‘ylab o‘z jonimga ham qasd qildim va shifoxonaga tushdim. Yolg‘iz boquvchi ekanimni, stajimni, ma’lumotimni, tajribamni inobatga olib, ish joyimda qolishimga yordam berishingizni so‘rayman. Ariza beruvchi oddiy fuqaro Zulayho Ortiqova”.

Mazkur murojaat Senat nazoratiga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga bu fuqaroga qonun doirasida amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish va natijasi bo‘yicha Senatga va muallifga yozma javob berish so‘raldi.

Oradan hech qancha o‘tmay murojaatchidan Senatga minnatdorchilik maktubi keldi: “Murojaatim qonuniy hal qilinishida amaliy yordam berildi. Senatga, bu borada jon kuydirib ishlagan mas’ullarga minnatdorchilik bildiraman. Zulayho Ortiqova”.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA