Joriy yilgi futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining ilk turlari kutilmagan natijalar bilan boshlanganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta, bu holat futbolimizda jamoalar o‘rtasida raqobat uyg‘onayotganidan dalolat beradi. Buning natijasida milliy klublarimizning o‘yin saviyasi o‘sadi va ulardan terma jamoamiz uchun iqtidorli yosh futbolchilar yetishib chiqadi. O‘tgan ikki tur davomida grant jamoalarimiz ochko yo‘qotgani va kutilmaganda “Qizilqum” hamda “Neftchi” klublari 6 ochko jamg‘argan holda chempionat karvonboshisiga aylangani barcha uchun yangilik bo‘ldi.
Bugun, 14-mart kuni milliy chempionatimizning 3-tur bahslariga start beriladi. Mazkur turni ikki poytaxt klubi – “Lokomotiv” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlab beradi.
“Lokomotiv” stadionida soat 18:45 da boshlanadigan ushbu bahsni Rustam Lutfullin bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Ruslan Serazitdinov va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov yordam beradi. Xushnud Suyunboyev esa zaxira hakam sifatida o‘yinni kuzatadi. Shuningdek, VARda Aziz Asimov, AVARda esa Sanjar Shoyusupov ishlaydi.
Chempionat davomida bu ikki klub jami 38 bor o‘zaro to‘qnash kelgan va unda “Paxtakor” 24 ta o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa, 8 bellashuvda durang natija qayd etgan. Qolgan 6 uchrashuvda “Lokomotiv” ustun kelgan. Barcha uchrashuvlarda “Paxtakor” raqib darvozasiga 82 gol urgan va 32 to‘p o‘tkazib yuborgan. “Sherlar” oxirgi o‘zaro 8 ta uchrashuvdan buyon “Lokomotiv”ga imkoniyatni boy bermay kelmoqda. So‘nggi marta “Lokomotiv” 2018-yilda amaldagi chempionni mag‘lub etgan.
Bu yilgi Superliga musobaqasida “Lokomotiv” dastlab o‘z maydonida “Metallurg” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi turdagi Toshkent derbisida “Olimpik”ni 1:0 hisobida yengdi. “Paxtakor” esa ilk turda “Surxon”ni 3:0 hisobida yengdi. O‘z maydonida “Nasaf”ga qarshi o‘yinda nursiz durangga imzo chekdi (0:0). Bugungi o‘yinda har ikki jamoa uchun g‘alaba suv va havodek zarur ekani barchamizga ma’lum. Shu sababli ham ushbu o‘yin shiddatli o‘tishiga shubha yo‘q.
***
Endi esa Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining so‘nggi nimchorak finalidan o‘rin olgan o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Unda “Atletiko” o‘z maydonida “Inter”ga qarshi maydonga tushda. O‘yinda birinchi bo‘lib, Dimarko hisobni ochgan bo‘lsa, sal o‘tib Grizmann hisobni tenglashtirdi. Asosiy vaqt yakunida Depay jamoasini oldinga olib chiqdi. Ilk bellashuvda Milan shahri klubi 1:0 hisobida g‘alaba qozongani sabab g‘olib jamoa penaltilar seriyasida aniqlandi va unda “Atletiko” 3:2 hisobida zafar quchdi.
Ikkinchi uchrashuvda “Borussiya” va “PSV” klublari o‘zaro raqobatlashdi. Mazkur bahs 2:0 hisobida yakunlandi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:1 hisobida “Borussiya” zafar quchdi.
Shu tariqa, YeCHLning chorak final bosqichiga yo‘l olgan barcha klublar nomi aniq bo‘ldi. Aniqrog‘i, musobaqaning 1/4 finalida “Real Madrid”, “PSJ” , “Bavariya”, “Manchester Siti”, “Arsenal”, “Barselona”, “Atletiko”, “Borussiya D” ishtirok etadi. Chorak final juftliklari 15-martda qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.
***
22-mart kuni “SSKA” Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi bilan “VEB Arena”da o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi. Unda so‘nggi oylarda Moskvaning “SSKA” klubida yorqin o‘yin o‘tkazayotgan Abbosbek Fayzullayev ishtirok eta olmaydi.
Bunga sabab 21-26-mart kunlari O‘zbekiston terma jamoasi “JCH-2026″ saralashi doirasida Gonkong bilan o‘ynaydi va Abbosbek Fayzullayev terma jamoaga chaqirilgani sabab ushbu nazorat o‘yinini o‘tkazib yuboradi.
***
Eron chempionatning 20-turida Tehronning “Istiqlol” jamoasi shaharning yana bir jamoasi “Persopolis” bilan to‘qnashdi. Biz uchun ahamiyatlisi, har ikki jamoada mahoratli futbolchilarimizning to‘p surishidir. Keskin va murosasiz kechgan bahsda hisob ochilmadi. O‘yinda mezbonlar safida harakat qilayotgan Jaloliddin Masharipov asosiy tarkibda maydonga tushib, 72-daqiqada almashtirildi. “Persopolis” esa Oston O‘runovga to‘liq harakat qilishga imkon berdi.
Shuningdek, ushbu turda “Istiqlol Huziston” safarda “Zob Ahan” bilan bahs olib bordi. Uchrashuv mehmonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yinda boshqa bir futbolchimiz Doston Tursunov “Istiqlol Huziston” asosiy tarkibida maydonga tushib, 90-daqiqada zaxiraga olindi.
Ma’lumot uchun, ushbu o‘yindan so‘ng “Istiqlol” ochkolari sonini 43 taga yetkazib oldi va hamon birinchi pog‘onada bormoqda. “Persopilis” esa 40 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rindan joy olgan. “Istiqlol Huziston” so‘nggi o‘yindagi g‘alabadan so‘ng 14-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
***
Birlashgan Arab Amirliklari Pro-ligasi 16-tur bahsida “Al-Vahda” safarda “Hatta”ni yirik 4:0 hisobda mag‘lub qildi. Uchrashuvda legionerimiz Hojimat Erkinov 75 daqiqa harakat qildi va bitta golli uzatma qayd etdi.
Xabaringiz bor, 2026-yilda Shimoliy Amerikada o‘tkazilishi rejalashtirilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun Osiyo qit’asi saralash uchrashuvlari o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan va saralashning dastlabki bosqichida hakamlarimiz 3 ta uchrashuvni boshqargan edi.
Saralashning ikkinchi bosqichidan o‘rin olgan Yaman – BAA terma jamoalari uchrashuvini Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar jamoasi boshqarib boradi. Qanotlarda unga Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin yordam bersa, yana bir hamyurtimiz Asker Najafaliyev zaxira hakami vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, ushbu bosqich doirasidagi Falastin – Bangladesh bahsiga yana bir vakilimiz – Vladislav Seytlin hakamlar nazoratchisi sifatida tayinlov olgan.
Ushbu uchrashuvlar 21-mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA