Adliya vaziri Akbar Toshqulov va Yevroosiyo patent tashkiloti prezidenti Grigoriy Ivliyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yevroosiyo patent tashkiloti Yevroosiyo mintaqasida joylashgan bir qator davlatlar patent tizimining ishlashi, ixtirolar va sanoat namunalarini huquqiy muhofazaga olish bilan bog‘liq ma’muriy vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi.

Uchrashuvda intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofazaga olish va ularni tijoratlashtirish – iqtisodiyotni rivojlantirishdagi asosiy masalalardan biri ekani, globallashuv davrida milliy intellektual mulk tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi alohida qayd etildi.

G.Ivliyev, o‘z navbatida, Yevroosiyo hududidagi davlatlarning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi ushbu davlatlar o‘rtasida intellektual mulk sohasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishiga va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish uchun zamin yaratishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, intellektual mulk sohasida yuridik kadrlarni tayyorlashda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini, jumladan, intellektual mulk sohasidagi mutaxassislarning malaka oshirish kurslarida, stajirovkalar va  ushbu sohadagi har qanday ta’lim yo‘nalishidagi izlanishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA