AQSHning Nyu-York shahrida BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Sessiya ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sessiya doirasida Senat Raisi Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amerd, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining Xotin-qizlar va bolalar ishlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Butunxitoy ayollar federatsiyasi raisi o‘rinbosari Xuan Syaovey bilan uchrashuv o‘tkazib, kelgusi hamkorlik bo‘yicha muloqot olib borilgani haqida xabar bergan edik.

Tanzila Norboyeva, shuningdek, Belgiya Gender tenglik, teng imkoniyatlar va xilma-xillik bo‘yicha Davlat kotibi Mari-Kollin Leroy bilan ham uchrashdi.

Unda O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ayollarning ixtisoslashgan tashkilotlari orqali o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalari muzokaraning asosini tashkil etdi.

Tomonlar mazkur yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlashib oldi.

M.Leroy O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

***

Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

V.Suan Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan samarali suhbatni hamda 2022-yil oktyabr oyida Toshkentda qisqa muddatli tashrif bilan bo‘lganini iliq esladi.

Uchrashuv chog‘ida parlamentlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, ta’limga oid va boshqa qo‘shma gumanitar dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

***

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Gender tenglik kengashi vitse-prezidenti Mona G‘anem Ol Marriy bilan uchrashuvda O‘zbekiston va BAA o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning do‘stlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi, keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berdi.

Muloqot chog‘ida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xalqaro reytinglar, davlat boshqaruvi, shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat davomida munosabatlarning amaliy jihatlari, xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dasturlarni maxsus seminar va loyihalar orqali birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Suhbat yakunida tomonlar ko‘p qirrali har tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, gender tenglikni ta’minlash sohasida rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirdi.

Senat Raisi uchrashuv o‘tkazilgan xonimlarni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo xotin-qizlar forumida ishtirok etishga taklif qildi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA