Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv shu’basi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan qidiruvdagi avtotransport vositalarini topish ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilining 9-mart kuni Beruniy tumanida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida yo‘l harakati qoidalarini 28 marotaba buzgan qoidabuzarning “Wolkswagen Caddy” rusumli avtomashinasi ushlandi. Majburiy ijro byurosi Beruniy tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan hujjatda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining qarorlariga asosan qarzdor R.E.dan jami 11 million so‘mga yaqin 28 ta jarimani undirish belgilangan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning nomida “Wolkswagen Caddy” rusumli avtotransport vositasi mavjudligi, ammo ushbu avtotransport vositasi qarzdorning yashash manzilida yo‘qligi aniqlanib, unga nisbatan Byuroning Beruniy tuman bo‘limi boshlig‘i tomonidan qidiruv e’lon qilingan edi.
Tezkor-qidiruv tadbirlardan birida avtomashina topilib, qarzdor R.E. tomonidan davlat foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan jarima to‘liq to‘landi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri