Xabar berganimizdek, Sochidagi “Roza xutor” tog‘ dam olish maskanida boshlangan Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansiga kiruvchi davlatlar vakillari ishtirokida birinchi festival tadbirlari boshlandi.

Dastlab alohida muhofaza etiladigan hududlarda turizmni barqaror rivojlantirish masalasi muhokama etildi.

Ishtirokchilar bugun ekologik muammolar dolzarb ahamiyat kasb etayotgan sharoitda tog‘-chang‘i kurortlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu joylarda tabiiy muhitni saqlab qolish, dam oluvchilar uchun qulay sharoit yaratish muhimligini ta’kidladilar.

Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Davlat Dumasi turizm va turizm infratuzilmasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Sangaji Tarbayev, Rossiya Federatsiyasi Tabiiy resurslar vazirligi qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosati va tartibga solish departamenti direktori Irina Makanova, Sochi kurort shahri administratsiyasi mas’ullari Rossiyada ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Erishilgan natijalar va kedgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, muhokama jarayonida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri