Bugun Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axbort-tahlil markazi hamda Misr TIV huzuridagi Diplomatik tadqiqotlar instituti rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida o‘zaro munosabatni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Tomonlar tajriba almashish, birgalikda tadqiqot o‘tkazish, qo‘shma ta’lim tadbirlari tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini tasdiqladilar.

Xalqaro maydonda Misr Arab Respublikasi bilan sheriklikni faollashtirish taklifi ilgari surildi.

Mazkur muloqot ikki davlat do‘stligini mustahkamlashga xizmat qilishi, kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi. Qo‘shma konferensiya, seminarlar o‘tkazish, ekspert almashinuvini izchil amalga oshirish orqali umumiy faollikni oshirishga kelishildi.

Uchrashuv O‘zbekiston va Misrning o‘zaro munosabatni chuqurlashtirish, xalqaro maydondagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga intilishini yana bir bor tasdiqlaydi. Qolaversa, Markaziy Osiyo bilan Yaqin Sharq o‘rtasidagi barqaror hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini kengaytiradi.

Saidmurod RAHIMOV, Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA muxbirlari