Bojxona organlari tomonidan g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan g‘ayrioddiy usullarda sifati kafolatlanmagan dori vositalarining mamlakatimizga olib kirilishiga chek qo‘yilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelayotgan bir guruh yo‘lovchilar tomonidan dori vositalarining ko‘p o‘ramda olib kirilishi bojxonachilar e’tiboridan chetda qolmadi.

Bitta quti doriga belgilangan miqdordan 3 baravar ko‘p dori konvalyutalarining joylashtirilishi va boshqa bir yo‘lovchida aynan ushbu nomdagi dori bo‘sh qutilarining olib o‘tilishi bojxona xodimining o‘rinli shubhasini yanada oshirdi. Saqlash va tashish qoidalariga rioya qilinmagan, sifatini kafolatlovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan mazkur 8752 dona dori vositalarining barchasi bojxona nazoratini amalga oshirish jarayonida aslida faqat bitta yo‘lovchiga tegishli ekanligi fosh bo‘ldi. Ushbu dori vositalarining qiymati dastlabki so‘rovga ko‘ra 18,6 million so‘mni tashkil etmoqda.

“Dovud-ota” chegara bojxona postida aniqlangan navbatdagi holatda esa “Lada Largus” rusumli avtotransport vositasida qo‘shni davlat orqali respublikamizga kirib kelgan fuqaro sifatini kafolatlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan qiymati 48,3 million so‘mni tashkil etuvchi 1506 dona 4 xil turdagi dori vositalarini olib kirmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda dori vositalarining g‘ayrioddiy usulda mamlakatimizga olib kirilishiga chek qo‘yildi. Gap shundaki, “Volgograd-Xo‘jand” yo‘nalishida tranzit tarzda harakatlanib kelayotgan yo‘lovchi poyezdi chegarada bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, mazkur qopdagi dori vositalarining Tojikiston Respublikasiga olib ketilayotganligi ko‘rsatilgan. Lekin, poyezd respublikamizga kirib kelgach, ko‘p o‘tmay To‘rtko‘l tumani “Miskin” temir yo‘l bekatida aynan o‘sha qopdagi bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan, sifati kafolatlanmagan 1118 dona dori vositalari tushirib qoldiriladi va uni oldindan kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi qabul qilib olgan paytida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA