Daromad haqida gap ketsa, “Amerikaga borsam edi, hammadan ko‘p pul topar edim”, degan xomhayolga beriladiganlar ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, “Grin karta” lotereyasini o‘ynashga odamlarimiz mukkasidan ketdi.

To‘g‘ri, AQSH rivojlangan mamlakat, u yerda muvaffaqiyatli ishlayotgan yurtdoshlarimiz kam emas. Lekin, dono xalqimizning “har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozi”, degan hikmatini ham yoddan chiqarmaslik kerak.

AQSHga qonuniy yo‘llar bilan ketayotganlarga hech qanday e’tiroz yo‘q, albatta. Lekin buning uddasidan chiqmagan kishilar har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham “sehrli diyor”ga talpinayotgani tushunarsiz. Chunki to‘g‘ri yo‘lni emas, qing‘ir yo‘lni tanlagan ko‘plab yurtdoshlarimiz bor-budidan ajrab qolayotgani, hatto hayotidan mahrum bo‘layotgani haqida bot-bot aytilmoqda, yozilmoqda.

Shunga qaramay egri yo‘lni tanlayotganlar firibgarlar tegirmoniga suv quymoqda, yanada achinarlisi, o‘zlarini tuzoqqa tushirmoqda.

Masalan, fuqaro F.E. fuqaro M.Ya.ning ishonchiga kirib, uni 16 ming AQSH dollari evaziga Turkiya, Meksika va Nikaragua davlatlari orqali AQSHga ishlash uchun yuborishini va’da qilib, oldindan 9 ming AQSH dollari olgan.

Shu vaqtda u Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan oldin Departamentning Marhamat tumani bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.U. fuqaro F.B.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari yordamida Meksika davlati orqali AQSHga ishga yuborishi evaziga 15 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Uning ko‘rsatmasiga asosan davom etgan tadbirda boshqa bir fuqaro N.M. fuqaro O.U.dan 6 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar K.S., M.O. va O.Z. fuqaro Sh.Sh.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari yordamida Yevropa davlatlari orqali AQSHga yuborishi hamda viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishlari evaziga 32 ming dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro O.Z. fuqaro Sh.F. va uning oila a’zolarini Fransiya davlatiga borishlari uchun viza hujjatlarini olib berishi evaziga 3,9 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zining viza kartasiga o‘tkazib olgani aniqlangan.

Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.S. fuqaro M.A.ni 18 ming dollar evaziga Turkiya, Qatar va Meksika davlatlari orqali AQSHga o‘tkazib qo‘yishni va’da qilib, shundan yarmini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 58,5 mingga yaqin jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bunda aynan firibgarlik jinoyati yetakchilik qilgan.

Norgul Abduraimova, O‘zA