Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan 95 ta tibbiyot tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolangan

337

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 28-iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi rahbarlari ishtirokida  matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga elektron yo‘llanma asosida ko‘rsatilgan tibbiy yordam xarajatlarini qoplash maqsadida 2023-yilda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan 95 ta tibbiyot tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolangan.

O‘tgan  yilda  98 ming 715 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxs yo‘llanma asosida davolangan bo‘lib, ko‘rsatilgan tibbiy xizmat uchun sarflangan 699,7 milliard so‘mlik xarajat Jamg‘arma tomonidan to‘liq qoplab berilgan.  Bunda  murakkab kardiojarrohlik amaliyotlari, jigar va buyrak transplantatsiyasi, intrakranial endovazkulyar amaliyotlar, sun’iy bo‘g‘im (endoprotez) va moslamalar o‘rnatish hamda shu kabi amaliyotlarni o‘tkazish uchun sarflangan barcha xarajatlar, jumladan qimmatbaho sarflov materiallari, protezlar xarajatlari bazaviy narxlar doirasida to‘liq Jamg‘arma tomonidan to‘langan.

Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, kardiologiya, travmatologiya va ortopediya, akusherlik va ginekologiya, xirurgiya, neyroxirurgiya, otorinolaringologiya va yuz-jag‘ kasalliklari yo‘nalishlarida tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishiga ruxsat berilgan.

Shunga muvofiq, 2023-yilda Jamg‘arma tomonidan 30 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan shartnoma tuzilgan hamda ularda davolangan 3 ming 217 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxsga ko‘rsatilgan 57,6 milliard so‘m qiymatidagi tibbiy yordam xarajatlari to‘langan. 41 ta hududiy tibbiyot muassasasida jami 9 ming 661 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxs o‘zi yashash hududida davolanib, bemorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajat va sarson bo‘lishining oldi olingan.

Qayd etilishicha, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar xarajatlari Jamg‘arma tomonidan qoplash jarayonlari raqamlashtirilgan va inson omilining kamaytirilishiga erishilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA