Bugun insoniyat ekologik muammolarning og‘ir oqibatlarini to‘liq his qilmoqda

299

Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 53 foizi sho‘rlangan. Oqibatda keyingi yillarda hududlarda qurg‘oqchilik, qum va chang bo‘ronlari, hatto poytaxtimizda ham tez-tez kuzatilmoqda. Bu hol hosildorlikka, biologik xilma-xillikka va eng muhimi, aholi salomatligiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Samarqand shahrida 2023-yilda tashkil qilingan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va ular keltirib chiqaradigan ijtimoiy, ekologik muammolarning og‘ir oqibatlarini to‘liq his qilayotgani, ekologik tahdidlar va boshqa ko‘plab omillar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda aholi farovonligi va salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ta’kidlab o‘tganidek, O‘zbekiston uchun kuchayib borayotgan qum va chang bo‘ronlari muammosi har qachongidan ham dolzarbdir. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hududining katta qismi dasht va cho‘llardan iboratligi bois, ushbu muammolarni hal qilish uchun barcha darajada kompleks chora-tadbirlarni ko‘rish talab etiladi.

Toshkentda  Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha “Yerlarni tiklash, qum-chang bo‘ronlarining (QCHB) oldini olish va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha tinch o‘rmonlar tashabbuslari” mavzusida seminar o‘tkazilmoqda. Tadbir yer, biologik xilma-xillik va iqlim sohasidagi kompleks chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, asosiy e’tibor QCHB paydo bo‘lishining asosiy manbalarini aniqlash, unga qarshi kurashish bo‘yicha strategiyalar hamda amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan.

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi (UNCCD) Global mexanizmi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan seminarda Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, PM 2.5-mayda dispersli zarrachalarning salmoqli qismini chang tashkil qilib, bu havoni ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri sifatida umumiy miqdorning 36 foizini tashkil etadi.

– QCHB oqibatlariga nafaqat tezkor chora ko‘rish, balki ularni zararsizlantirishning kompleks strategiyasini ishlab chiqish orqali qum-chang bo‘ronlarining yuzaga kelish manbalarini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi, Yashil transformatsiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish milliy markazi direktori Suna Park. – Qum va chang bo‘ronlarining chegara ortidagi manbalari mavjud bo‘lish ehtimolini hisobga olgan holda muammoni muvaffaqiyatli hal etish uchun hamkorlikdagi sa’y-harakatlar talab etiladi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur seminar masalaning amaliy yechimlarini samarali ishlab chiqish hamda muhokama qilish maqsadida ushbu masalaga chuqur yondashgan olim va mutaxassislarni birlashtiradi.

Seminar davomida UNCCD Tinch o‘rmonlar tashabbusi (PFI) mamlakatlar o‘rtasidagi transchegaraviy hamkorlikning katalizatori bo‘lishi, potensial moliyalashtirish bilan mintaqaviy transchegaraviy loyihalarni rivojlantirishga olib kelishi aytildi.

–Ushbu muloqot jarayonida mintaqaviy hamkorlarning QCHB va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari baholanadi, – deydi UNCCDning Global mexanizmlar dasturini boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Utchang Kang. – Biz iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning kamayib borishi va yerlarning tanazzulga uchrashi kabi ko‘plab ekologik muammolarni hal qilish uchun aniq tasavvurlarga ega bo‘lish hamda harakatlar rejasini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Bu bizga mintaqaviy sektorlar va mamlakatlar harakatlarida sinergiya va izchillikka erishish imkonini beradi. Munozaralar natijasi QCHB ta’sirini yumshatish va yerning degradatsiyasini boshqarishga qaratilgan keng qamrovli mintaqaviy qayta tiklash loyihasini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.

Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi qum va chang bo‘ronlari mintaqada nafaqat iqlim hamda atrof-muhitga, balki aholi salomatligi, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Markaziy Osiyoning taxminan 400 million gektar maydoni 80 foizdan ortig‘ini cho‘l va dashtlar egallagan bo‘lib, ular iqlim o‘zgarishi va davomiy qurg‘oqchilik bilan uzviy ravishda QCHBning tabiiy manbai hisoblanadi. Sug‘orma dehqonchilik, mol boqish, tog‘-kon va boshqa xo‘jalik faoliyatining nooqilona usullari QCHB antropogen manbalarining hosil bo‘lish o‘choqlarini yaratadi.

O‘zbekistonda chang bo‘ronlarining oldini olish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar faol davom ettirilmoqda. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, joriy yil 1-martdan chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish amaliyoti joriy etildi.

Bundan tashqari, yaqinda Ashxobodda bo‘lib o‘tgan EXHT Bosh kotibi va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekologiya vazirlarining UNCCDni amalga oshirish bo‘yicha qo‘mitasi 21-sessiyasidagi uchrashuvi chog‘ida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan Mintaqaviy iqlim monitoringi markazi va qum-chang bo‘ronlari bo‘yicha mintaqaviy platformani tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Ushbu chora-tadbirlar iqlim o‘zgarishini batafsil o‘rganish va mintaqada chang bo‘ronlarining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha samarali strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA