Markaziy bank delegatsiyasi AQSHda maxsus seminar-treninglarda qatnashdi

283

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki delegatsiyasi 4-7-mart kunlari AQSHning Vashington shahrida Jahon banki G‘aznachiligi tomonidan tashkil etilgan maxsus seminar-treninglarda qatnashdi hamda Nyu-York Federal zaxira banki vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Seminar-treninglar davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan xalqaro zaxiralarni samarali boshqarish, xususan, qimmatli qog‘ozlar portfelini boshqarish, savdolar bo‘yicha komplayens-nazorat amaliyoti, risklarni boshqarish hamda qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritish yo‘nalishlarida tajriba almashildi.

Tashrif doirasida Jahon bankining Aktivlarni boshqarish va maslahat dasturi (RAMP) rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Nyu-York Federal zaxira bankining rahbariyati hamda boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda Markaziy bankning kastodian hisob-varag‘ini ochish hamda qimmatli qog‘ozlarni garov evaziga qarzga berish bo‘yicha bitimlar imzolandi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA