O‘rta va quyi bo‘g‘in rahbar kadrlari uchun malaka oshirish kurslari olib borilmoqda

269

Davlat xizmatchisining kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmasi – davlat xizmati barqarorligi, ishonchliligi va samaradorligini ta’minlaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda ham davlat fuqarolik xizmatchilari o‘zining kasbiy kompetensiyasini muntazam ravishda oshirib borishi shart ekanligi belgilangan.

Joriy yilning 11-martidan boshlab Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududlardagi filiallarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 1 ming 539 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbar kadrlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan malaka oshirish kurslari tashkil etildi, deyiladi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Tajribali mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar olib borayotgan o‘quv dasturi orqali tinglovchilarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy sohadagi bilimlari oshirib borilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, malaka oshirish kurslari joriy yilning 16-martiga qadar davom etadi. Yakunda nomzodlarning bilim darajalari test sinovlari orqali, shaxsiy va kasbiy ko‘nikmalari esa psixodiagnostik testlar orqali baholanadi.

M.Madaminova, O‘zA