Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining “2023 – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirgan ishlari yakuni, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishiga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan respublika ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Kengashi a’zolari, uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar hamda tuman bo‘limlari rahbarlari, vazirliklar, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va tashqi targ‘ibot vositalari bilan bezash ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, “Hakim ota” ziyorat majmuasi, “Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li” maqbarasi ziyorat qilinib, “Kemalar qabristoni” monumenti va “Orol dengizi muzeyi”ga tashrif buyurdilar.
Tuman madaniyat saroyida bo‘lib o‘tgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi I.Latipov, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘.Rahmatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimov, Mo‘ynoq tuman hokimi B.Menglibekov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi X.Salimov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mazmun-mohiyati, joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da bajariladigan ustuvor vazifalarga to‘xtaldi.
“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bo‘limlari tomonidan o‘tgan yilda ham mahalliy hokimliklar buyurtmasi asosida shahar va tuman markazlari, aholi yashash manzillarida ona Vatanga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalovchi shiorlar va matnlardan foydalanib, markaziy ko‘chalar, bozorlar, xiyobonlar, bekatlar, avtotransport vositalari, temir yo‘l va metro vagonlari hamda odamlar gavjum joylarga, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan manzillarga bannerlar, plakat va boshqa tasviriy-targ‘ibot vositalari joylashtirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik yo‘lida olib borilayotgan ishlarni, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga doir davlat dasturlari asosida yangilanish va islohotlar jarayonini namoyon qiluvchi ijobiy o‘zgarishlarning asl ijodkorlari – zamondosh fidoyi yoshlar, qahramon yurtdoshlarimiz ekanligini aks ettiruvchi ko‘chma foto ko‘rgazmalar uyushtirilib kelinmoqda.
Seminarda ijodiy uyushma tomonidan “2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlab tayyorlangan “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans bunyodkorlari” nomli tavsiyalar qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik”, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo‘lini qat’iy davom ettiramiz”, “Xalqchil islohotlar xalqimiz manfatlariga xizmat qiladi” va boshqa asarlari, tantanali marosimlardagi nutqlari, farmon va qarorlari, bayram tabriklaridan olingan ilm-ma’rifat sohasidagi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “2024 – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishiga oid davlat dasturi vazifalaridan olingan iqtiboslar berilgan.
Shuningdek,qo‘llanmada donishmandlarning hikmatlari, hadislar, xalq maqollari, she’riy misralar, ona Vatanni himoya qilish, mustaqilligimizni mustahkamlash, ayollarni ulug‘lash, Navro‘z, buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligi, qoraqalpoq xalqining mumtoz shoiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, o‘zbek tili, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik hamda milliy qadriyatlarimizni e’zozlashga chaqiruvchi shiorlar va yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi iqtiboslar qayd etilib, she’riy misralar va matnlar jamlangan.
Tadbirda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan “2023 – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yilda bajariladigan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. O‘zbekiston – 2030 strategiyasining “2024 – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishiga oid davlat dasturida bajariladigan ishlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, zamondosh qahramonlar siymosi va qo‘lga kiritilgan yutuqlarni keng targ‘ib qilish vazifalari belgilandi.
Mazkur tadbirning Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilayotgani bejiz emas. So‘nggi yillarda Orolbo‘yini, shu jumladan, Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz uchun “Qoraqalpog‘istonning yutug‘i – butun O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun O‘zbekistonning tashvishi” degan g‘oya hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bizning ezgu maqsadimiz birgalikdagi mehnatimiz bilan yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan obod va farovon yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir.
–O‘tgan yilning yakuni va joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan dasturiy ko‘rgazmali seminarning aynan Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgani bizda katta taassurot qoldirdi, – deydi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Oybek Begimqulov. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tumanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik. Shuningdek, joriy yilga belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tajriba almashdik.
Tadbir yakunida o‘tgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faollik ko‘rsatgan bir guruh xodimlarga O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat,video),
O‘zA muxbirlari