Bugun Toshkentda “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” sakkizinchi xalqaro anjumani o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Eron, Armaniston, Rossiya, Gruziya, Turkiya kabi davlatlardan gidroenergetika sohasi vakillari, mutaxassislar va olimlar ishtirok etmoqda.

Unda mintaqalardagi gidroenergetika sohasining rivojlanishi va taraqqiy etishi, gidroenergetik inshootlarning qurilishi, modernizatsiyasi, muammo va istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, gidroenergetika yo‘nalishida mamlakatimizda ikkinchi marotaba tashkil etilgan ushbu xalqaro ko‘lamdagi yirik anjuman mahalliy va xorijlik mutaxassislar  uchun chinakam muloqot maydoniga aylandi.

Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqalari vakillari o‘z yurtida mazkur sohada olib borayotgan ishlari haqida taqdimot qilishi bilan bir qatorda, o‘zaro hamkorlik uchun fikr almashishga imkoniyat paydo bo‘lgani yanada ahamiyatli.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, sohadagi yangi innovatsion texnologiyalar hamda xorijiy investorlarni faol jalb qilish, yetakchi loyiha institutlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish hamda amaldagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.

Anjuman doirasida sohadagi yutuqlarga doir ko‘rgazma ham tashkil etildi.

Uch kun davom etadigan mazkur anjuman dasturidan bir qator tadbirlar o‘rin olgan.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

Oybek Pardayev,(surat)

O‘zA