Soha rivoji uchun muhim anjuman

287

Geologiya fanlari universitetida O‘zbekistonda litiy kuni (Lithium day Uzbekistan 2024) konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Germaniyaning “Deutsches Lithiuminsititut” instituti hamda GP Papenburg AG kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda xalqaro litiy bozori ishtirokchilari, Germaniya, Buyuk Britaniya va Finlyandiya davlatlaridan soha mutaxassislari, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Navoiyuran” DK, Geologiya fanlari universiteti, “Yangi kon” MCHJ, “O‘zgeorangmetliti” MCHJ, xorijiy konsalting kompaniyalari va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nasritdinxodjayev ochib bergan tadbirda xalqaro litiy bozori ishtirokchilari, xorijiy kompaniyalar vakillari, xususan Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, doktor Tilo Klinner, GP Günter Papenburg AG kompaniyasi rahbari Angela Papenburg xonimga minnatdorlik bildirildi.

Anjuman “O‘ta muhim minerallarning global tendensiyalari”, “Birlamchi xomashyo va litiydan olinadigan qo‘shimcha mahsulotlar. Litiyni qayta ishlash texnologiyalari” kabi mavzular asosida ikkita panel sessiya tarzida o‘tkazildi.

Jumladan, birinchi panel sessiyasida spikerlar tomonidan “O‘zbekistonda muhim foydali qazilmalarning rivojlanishi”, “Germaniyaning Markaziy Osiyo strategiyasi bo‘yicha taqdimoti”, “O‘zbekistonda litiy va muhim minerallar qazib olish loyihalari, “Xalqaro litiy loyihalari doirasida geologiya va mineral resurslarni baholash” masalalari yuzasidan taqdimotlar qilindi.

Ikkinchi sessiyada “Litiy rudalarini qayta ishlash uchun Metso, FLSmidth KBR, GEA engineering kabi xalqaro kompaniyalar o‘zining kritik metallarni qayta ishlashdagi texnologik yechimlari va tajribalarini namoyish etdi. Bundan tashqari, tadbirda sohada izlanishlar olib borayotgan mamlakatimizdagi ilmiy tadqiqot tashkilotlari olimlari va ishlab chiqarishdagi ilg‘or tajribaga ega xodimlar o‘zlarining ishlanmalari hamda ilmiy yutuqlarini namoyish etdi.

Anjuman kritik minerallarning dunyodagi tendensiyalari, ularni qayta ishlash texnologiyalari hamda yarim tayyor mahsulotlardan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishda xorijiy tajribani o‘rganish va loyihalarni amalga oshirishda layoqatli injiniring kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda OKMK bosh muhandisining texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Abduqahhor Saynazarov “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida nodir metallarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Aytish joizki, ushbu tadbir tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi uchun muhim masalalarni qamrab oldi. Muloqot va tajribalar almashinuvi uchun  o‘ziga xos maydon bo‘ldi.

OKMK Axborot xizmati