Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish;
munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi uylarida joylashgan xizmat turar joylarini foydalanishga berish;
davlat uy-joy fondini xususiylashtirish;
davlat organlari uy-joylarining hududlar kesimidagi reestrini shakllantirish va rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibi belgilab berilgan.
Nizomga muvofiq, ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari shart bo‘ladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda:
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish axborot tizimini;
davlat uy-joy fondini xususiylashtirish axborot tizimini;
munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli uy-joy fondining uylarida joylashgan xizmat turar joylarini foydalanishga berish axborot tizimini ishlab chiqadi va faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Mazkur Nizom alohida qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan davlat organlarining davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘zA