Xalqaro jinoiy sud (XJS) raisi almashdi. Yangi muddat – 2024-2027-yillar uchun rahbarlikka yaponiyalik Tomoko Akane saylandi.
Xalqaro jinoiy sud prezidiumi a’zolari uch yillik muddat bilan saylanadi.
***
Polsha o‘z hududida AQSH cheklangan harbiy qo‘shinlari ko‘paytirilishini rejalashtiryapti, deb xabar tarqatdi RMF FM radiosi Prezident Anjey Dudaning Milliy xavfsizlik kengashidagi chiqishiga tayanib.
Avvalroq ushbu mamlakatda Amerikaning 10 minga yaqin askari mavjudligi ma’lum qilingan edi.
***
RF AQSH va NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddiyatni hohlamaydi, deyilgan Amerika razvedkasi direktori ofisi e’lon qilgan yillik ma’ruzada.
Hujjat mualliflari Rossiyani “dushmanga qarshi turish qobiliyatiga ega va barqaror” deya baholagan.
***
Agar Tel-Aviv G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotni Rafoh shahrigacha kengaytiradigan bo‘lsa, AQSHda Isroilga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamni qisqartirish masalasi ko‘tariladi, deb yozdi “Politico” gazetasi.
***
Turkiyada saylov arafasida portlash uyushtirmoqchi bo‘lgan 33 nafar gumonlanuvchi hibsga olindi. Ular 31-mart kuni o‘tadigan mahalliy saylovda portlash sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan.
Tintuv vaqti qurol, o‘q-dori, taqiqlangan adabiyot va ko‘p miqdorda valyuta musodara qilindi, dedi mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Erliqoya.
***
Tanzaniyada dengiz toshbaqasi go‘shti yegan to‘qqiz inson vafot etdi, 78 kishi kasalxonaga tushdi, deb yozgan “Assoshieyted Press” agentligi.
Izoh berilishicha, ushbu jonivor etini iste’mol qilish mahalliy aholi orasida keng tarqalgan. Mutaxassislar xulosasi ayni jarayon doimiylik kasb etsa, xelonitoksizm (ovqatdan zaharlanishning bir turi) xastaligi orqali halokatga olib kelishini tasdiqlaydi.
***
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovida tuzilma kuzatuv missiyasiga rahbarlik qiladi. Jamoa tarkibiga 17 kishi kiritilgan.
***
Tojikistonda 2023-yil dekabr oyida rasman ro‘yxatdan o‘tgan ishsizlar soni 48,3 ming kishini tashkil etgan. Respublika Mehnat vazirligi Mehnat va bandlik agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 9,7 foiz pasaygan. Jami ishsizlarning 46,3 foizi ayollar.
***
Shvetsiya liberal partiyasi internet-gigantlarga keskin talab qo‘yiladigan taklif ustida ish olib boryapti. Masalan, yangi tartibga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqqa obuna bo‘lishi ota-ona tomonidan tasdiqlanishi kerak.
– Shu yo‘l bilan biz ota-onalarga yordam berishni istaymiz, – deydi partiya yetakchisi Yoxan Person.
***
BMT Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida aytilishicha, Sudanda har o‘n kishidan to‘qqiz nafari favqulodda yuqori darajada ochlikni boshdan kechirmoqda. Och aholi, ayniqsa, shafqatsiz zo‘ravonlik kechayotgan, urishayotgan tomonlar aralashuvi tufayli borib bo‘lmaydigan tumanlarda hayot kechirmoqda.
Notinchlik natijasida aholi ko‘chishi bilan bog‘liq kuchli inqiroz yuzaga kelgan. Ayni payt Sudanda 18 million, qo‘shni Janubiy Sudan hamda Chadda bir million kishi yegulik yetishmavchiligidan aziyat chekmoqda.
S.Rahimov,
O‘zA