Istanbulda “Tabarruk ziyorat” platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida yuritiluvchi “Tabarruk ziyorat” platformasi ishga tushirilib, muntazam ravishda takomillashtirilib borilmoqda. Shuningdek, platformaga muqaddas qadamjolarning interaktiv xaritasi joylashtirilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati, tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning turizm sohasi vakillari hamda “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida faoliyat yuritayotgan turoperatorlarga platforma taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda TDTga a’zo davlatlar doirasida turizm aloqalarini rivojlantirish va turizm mobilligini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yig‘ilishda ishtirokchilar o‘z kompaniyalarini tanishtirib, mintaqadagi turizm faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, ishtirokchilar TDTga a’zo davlatlarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan biznes aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA