Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri va xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda bojxona ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish, bojxona va yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda bojxona brokerlari faoliyati yo‘nalishida ayrim muammoli holatlar kuzatilmoqda. Xususan, deklaratsiyalash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bozorida naqd pul olish orqali “qora brokerlar” soni ortib, ushbu faoliyat yo‘nalishida yashirin iqtisodiyot ulushi tobora ortib bormoqda. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi bilan deklaratsiyalovchi shaxs o‘rtasida shartnoma imzolanmasligi va soliq organlarida hisobga olinmasligi ham ularning faoliyatida muammoli vaziyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi nomidan bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirib, bojxona organlariga taqdim etilgan deklaratsiyada aniqlangan xato va kamchiliklar bo‘yicha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisini javobgarlikka tortishda ham muammoli holatlar uchramoqda. Masalan, amaliyotda bojxona yuk deklaratsiyasini boshqa shaxs to‘ldiradi, lekin deklaratsiyaning javobgar shaxs grafasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisining nomi ko‘rsatiladi va deklaratsiya uning kaliti bilan tasdiqlanadi. Natijada tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi o‘zi bilmagan holda boshqa shaxs tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun javobgar bo‘lib qolmoqda.

Qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga bojxona brokeri va xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyatlarini vakolatli organni xabardor etish asosida tashkil etish, bojxona brokeri va xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish faoliyatlarini vakolatli organni xabardor etmasdan boshlaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilashni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bo‘yicha batafsil ma’lumot bergan Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyevning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi xalqaro kurerlik jo‘natmalarini yetkazib berish va bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishda mavjud qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA