Bugungi kunda davlat mulki obyektlarini balansda saqlovchilar tomonidan ularni ijaraga berish tartibini buzish holatlari mavjud. Jumladan, ijara shartnomasini tuzmasdan ijaraga berish, ijaraga berilgan mulkning parametrlari va sonini kamaytirish, ijara to‘lovini yashirish kabi holatlar yuzaga kelmoqda. Shundan kelib chiqib, davlat mulkini ijaraga berish tartibiga rioya qilmaganlik, bo‘sh turgan davlat mulkidan samarali foydalanish choralarini ko‘rmaganlik, davlat mulkini ijaraga olgan tadbirkorlik subyektlari va boshqa shaxslarning huquqlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilingan “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida ayni masalalar nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlat mulkidan samarali foydalanilishini ta’minlashga, ijaraga oluvchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova, O‘zA