Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston fuqarolarini respublika hududida ichki ishlar organlari tayanch punktlari hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika (katta) inspektorlari tomonidan vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamalar portalida keng jamoatchilikka elon qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tayanch punkti va mahalla huquqiy tartibot maskanlari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgani, bo‘linmalar tuman-shahar markazlarida faoliyat yuritayotgani, viloyatning olis va chekka hududlarida yashovchi fuqarolar tuman-shahar markaziga kelib-ketishida ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanayotgani fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish vakolatini profilaktika inspektoriga berish va uni maxsus dastur orqali (planshet yordamida) amalga oshirish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi me’yorlarni ishlab chiqish zarurati mavjud.

Loyiha bilan ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini vaqtincha turgan joyi bo‘yicha planshet orqali elektron shaklda ro‘yxatga olinishi bo‘yicha dastur yaratilishi hamda fuqarolarning ortiqcha vaqt va sarf-xarajat qilishining oldini olish maqsadida fuqarolarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish vakolatini profilaktika inspektorlariga berish taklif etilmoqda.

Loyihaning qabul qilinishi bilan fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson bo‘lishi oldi olinadi, mahalla hududida profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolar ijtimoiy muammolari joyida bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA